Muzey tarixi

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1996-yil 14-avgustdagi 284-sonli qarori bilan Istiqlolning besh yilligi arafasida Toshkent shahrida Olimpiya shon-shuhrati muzeyi tashkil etildi.

Muzeyning ochilish marosimida O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimov va Xalqaro Olimpiya Qo‘mitasining o‘sha vaqtdagi prezidenti Xuan Antonio Samaranch ishtirok etishgan.

X. A. Samaranch muzey ochilishidagi nutqida “O‘zbekiston Respublikasida sportning jamiyat hayotidagi o‘rniga katta e’tibor qaratilmoqda. Shuning uchun ham sizning davlatingizda sport tez sur’atda rivojlanmoqda. Men ishonamanki, muzey O‘zbekistonlik sportchilar turli jahon musobaqalarida qo‘lga kiritadigan medallar bilan to‘ldirib boriladi” deb ta’kidlagan. Eksponatlarni ko‘zdan kechirish davomida X. A. Samaranch shunday fikr bildirdi: «Ushbu muzey Xalqaro Olimpiya Qo‘mitasi tarkibiga kiruvchi Lozannadagi Olimpiya muzeyidan qolishadigan joyi yo‘q». Olimpiya shon-shuhrati muzeyi Lozannadagi Olimpiya muzeyi bilan o‘zaro bitimga ega. Markaziy Osiyoda yagona bo‘lgan Olimpiya muzeyining ochilishi sportni, jumladan, olimpiyada dasturidan joy olgan sport turlarini rivojlantirishga qaratilayotgan yuksak e’tibor va g‘amxo‘rlikning, bir so‘z bilan aytganda yurtimiz sportchilarining kuch-g‘ayrati, matonati, shijoati, jahon sport maydonlarida erishayotgan g‘alabalarining xalqaro e’tirofidir.

Respublikamiz Prezidenti Shavkat Mirziyoyev, yurtimizda nafaqat Olimpiyachilarimizga, balki Paralimpiyachilarimizga katta e’tibor qaratdi. Muzey O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 12-yanvardagi № PQ-79 son qaroriga asosan “Olimpiya va paralimpiya shon-shuhrati” muzeyi deb qayta nomlandi. Muzeyda nafaqat Olimpiya o‘yinlarining, balki Paralimpiya o‘yinlari g‘olib va sovrindorlarining yutuqlari ham namoyish etiladi. Muzeyga AQSH, Ispaniya, Shveysariya, Gretsiya va boshqa ko‘plab xorijiy davlatlardan noyob eksponatlar olib kelingan. Binobarin, muzey nafaqat O‘zbekiston sporti, parasporti tarixini, balki Xalqaro Olimpiya va paralimpiya harakati tarixini ham o‘zida mujassamlashtiradi. Olimpiya va paralimpiya shon-shuhrati muzeyi dunyodagi beshta Olimpiya muzeylari qatoridan joy olgan. Muzey  qo‘shni davlatlar ichida birinchi ochilganligi va yagonaligi bilan alohida o‘rin tutadi. Muzey ochilganiga qariyb 30-yil to‘lishiga qaramay hozirgi kunga qadar dunyoda va Osiyoda o‘z maqomini saqlab qolgan.

Muzey faoliyatining eng asosiy maqsad va vazifalari

Muzey faoliyatining eng asosiy maqsad va vazifalari yurtimizda yosh avlodni har tomonlama barkamol inson qilib tarbiyalashda muhim vositalardan biri bo‘lgan sportni, sog‘lom turmush tarzini keng targ‘ib qilish, rivojlantirish va bo‘lajak olimpiya zaxiralarini tayyorlash, ularda vatanga muhabbat tuyg‘ularini uyg‘otish, O‘zbekiston sportchilarining mustaqillik yillarida jahon maydonlarida erishayotgan yutuqlarini muzeyga tashrif buyurganlarga namoyish etish orqali o‘sib kelayotgan yosh avlod ongiga vatanimizning ravnaqi, buyuk kelajagi uchun daxldorlik tuyg‘ularini singdirishdan iboratdir. 

Muzeyning ikkinchi qavatidan zamonaviy Xalqaro Olimpiya o‘yinlari tarixi bilan bog‘liq eksponatlar joy olgan. Muzey fondida dunyoning hech qaysi olimpiya muzeyida bo‘lmagan noyob ashyolar va kolleksiyalar bor.

O‘zbek sportining ko‘zgusi hisoblangan Olimpiya shon-shuhrati muzeyiga har kuni maktab o‘quvchilari, kollej va oliy o‘quv yurti talabalari kabi mahalliy sayyohlardan tashqari xorijlik sayyohlar ham tashrif buyurishadi.

So‘nggi yillarda sportning ko‘plab turlarida O‘zbekiston terma jamoalari jahonda yetakchilar safidan mustahkam o‘rin egallaganlar. Ularning yuksak g‘alabalarini aks ettirgan fotosuratlar muzeydan joy olgan. Muzeyga kirgan har bir kishi buni teran his qilgan xolda qalbi cheksiz g‘urur va iftixorga to‘ladi. Muzeyda sportga bag‘ishlangan xalqaro seminarlar, anjumanlar, nufuzli olimpiya o‘yinlarining g‘olib va sovrindorlari qatoridan joy olgan mamlakatimiz sportchilarini sharaflashga bag‘ishlangan marosimlar ham o‘tkazib kelinmoqda.

So'nggi yangiliklar

Kalendar

Oktabr, 2025
Du
Se
Chor
Pay
Ju
Sha
Ya
1
2
3
4
5
6
7
8
9
10
11
12
13
14
15
16
17
18
19
20
21
22
23
24
25
26
27
28
29
30
31