“Toshkent-2025” loyihasi OOK Bosh Assambleyasida ulkan e’tibor qozondi

Yangiliklar

Bugun BAAning Dubay shahrida Osiyo Olimpiya kengashining (OOK) yubiley 40-Bosh Assambleyasi bo‘lib o‘tmoqda. Ma’lum qilganimizdek, unda tashkilot vitse-prezidenti Otabek Umarov, O‘zbekiston MOQ Bosh kotibi, “Toshkent-2025” direksiyasi direktori Oybek Kasimov hamda Qo‘mita raisining o‘rinbosari Azizjon Kamilov ishtirok etishyapti.

Otabek Umarov Assambleyadagi chiqishida mamlakatimizda Prezidentimiz boshchiligida barpo etilayotgan Yangi O‘zbekiston rivoji, unda jismoniy tarbiya va sport, sog‘lom turmush tarzi targ‘ibotiga qaratilayotgan e’tibor xususida gapirib o‘tdi.

 

 

Kun tartibiga muvofiq, ma’ruzachilar yaqin vaqt ichida qit’amizda kutilayotgan yirik kompleks musobaqalarga tayyorgarlik bo‘yicha o‘z taqdimotlarini namoyish etishdi. Ular orasida delegatsiyamizning “Toshkent-2025” IV yoshlar Osiyo o‘yinlariga tayyorgarlik bo‘yicha tayyorlagan taqdimot va rolik ko‘pchilikning diqqat-markazida bo‘ldi. Boisi, Toshkent mezbonligida o‘tadigan ushbu sport bayrami dasturiga har qachongidan ham ko‘proq sport turlari kiritilishi rejalashtirilgan. Bu borada Oybek Kasimov o‘z taqdimotida qit’adoshlarimizga batafsil ma’lumot berdi. Jumladan, taqdimotdan avval O‘zbekiston haqida umumiy ma’lumotlar, uning sportdagi qudratini o‘zida mujassam qilgan maxsus rolik namoyish etildi. Eslatib o‘tamiz, yoshlar o‘rtasida ushbu musobaqadan so‘ng ilk bor para-atletlarning ham bellashishi ko‘zda tutilgan.

 

 

 

Shuningdek, Xanchjou-2022 Osiyo o‘yinlari, Tailandning Bangkok va Chonburi shaharlarida o‘tadigan Jang san’ati va yopiq inshootlardagi Osiyo o‘yinlari va boshqa kompleks musobaqalarning tashkiliy qo‘mitalari ham yig‘ilganlarni o‘z taqdimotlari bilan tanishtirdi.

Tadbir davomida OOKning mutasaddilari qit’amizda Olimpizm g‘oyalarini yanada keng targ‘ib qilish bo‘yicha rejalar barobarida tashkilotning sportchilar, moliya, tibbiyot, etika kabi yo‘nalishlarida yil yakunlarilagi bag‘ishlangan hisobot qilishdi.

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan