O‘zbek dzyudosining istiqbolli rejalariga bag‘ishlangan matbuot anjumani o‘tkazildi

Tadbirlar

Kecha sportga ixtisoslashgan ko‘plab ommaviy axborot vositalarining nigohi O‘zbekiston Milliy Olimpiya qo‘mitasida tashkil etilgan matbuot anjumaniga qaratildi. Unda O‘zbekiston dzyudo federatsiyasining 2022-yil birinchi yarim yilligidagi faoliyati, oldindagi rejalar va kuni kecha dzyudo haqida eʼlon qilingan Prezident qarori bo‘yicha matbuot anjumani tashkil etildi.

Unda Sportni rivojlantirish vazirining maslahatchisi Avazjon Karimov, MOQ Bosh kotibi Oybek Kasimov, Qo‘mita raisi o‘rinbosari, mamlakat dzyudo federatsiyasi raisi Azizjon Kamilov, MOQ raisi o‘rinbosari Sherzod Tashmatov, Bahodir Maxsitov boshchiligidagi sport faxriylari, Xalq taʼlimi vazirligi mutasaddilari, o‘zbek dzyudosining jonkuyar vakillari hamda OAV xodimlari ishtirok etishdi.

Oybek Kasimov davlatimiz rahbari tomonidan imzolangan muhim qarorga sharh berar ekan, bu hujjat kelgusida o‘zbek dzyudosining yangi zafarlari uchun asos bo‘lishini taʼkidladi. Shuningdek, unda yosh dzyudochilarni seleksiya qilish va ushbu sport turi ommaviyligini oshirish bo‘yicha ko‘rsatilgan tizimga alohida to‘xtalib o‘tdi. Unga ko‘ra, maktabgacha taʼlim muassasalari, maktablar va undan so‘ng internatlarda dzyudo taʼlimining joriy etilishi kelajakda o‘z samarasini ko‘rsatadi.

Shundan so‘ng Azizjon Kamilov so‘nggi 6 oy davomida O‘zbekiston dzyudo federatsiyasida amalga oshirilgan ishlar, terma jamoamizning o‘tgan musobaqalarda qayd etgan natijalari, oldindagi rejalar haqida batafsil maʼlumot berdi. Bu yil mamlakatimizda ilk bor o‘tkaziladigan jahon chempionatiga tayyorgarlik mavzusi kun tartibidan alohida o‘rin egalladi. Qolaversa, Azizjon Yakubjanovich Xalq taʼlimi vazirligi bilan hamkorlikda olib borilayotgan “Maktablarda dzyudo” loyihasi, qisqa muddat ichida 13 hududda barpo etilgan yengil konstruksiyali dzyudo zallarining faoliyati haqida to‘xtalib, bu borada olib borilayotgan ishlar Prezidentimiz ilgari surayotgan sog‘lom turmush tarzi targ‘ibotini kuchaytirishga yordam berishini taʼkidladi.

Tadbir davomida Avaz Karimov hamda Sherzod Tashmatov ham so‘z olib, dzyudochilarimiz qayd etayotgan natijalar, jahon chempionatiga Sportni rivojlantirish vazirligi hamda MOQ tomonidan olib borilayotgan tayyorgarlik haqida qo‘shimcha qilishdi.

Shundan so‘ng OAV xodimlari anjumanda ko‘tarilgan mavzular yuzasidan o‘zlarini qiziqtirgan savollar bilan murojaat qilishdi. Unda Azizjon Kamilov Prezident Qarori asosida faoliyat olib boradigan dzyudo akademiyasi, terma jamoalarimizning oldinda turgan Islom birdamligi o‘yinlari va jahon chempionatiga eng optimal tarkiblarda tayyorlanishi haqida gapirib o‘tdi.

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan