Xabaringiz bor, joriy yil 14-15-may kunlari Toshkent shahrida ilk marotaba an‘anaviy karate-do bo‘yicha Osiyo chempionati yuqori saviyada tashkil etilgan edi. O‘shanda yurtimizga kelgan xorijlik mehmonlar tashkiliy masalalarga yuqori baho berib, kelgusi yil o‘tkaziladigan Jahon kubogi bahslarini Toshkentda o‘tkazish taklifini ilgari surishgan edi.
Xo‘sh, ushbu nufuzli musobaqaga tayyorgarlik qanday ketmoqda? Kuni kecha O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administrasiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikasiyalar agentligida tashkil etilgan matbuot anjumanida shu haqda so‘z yuritildi.
Matbuot anjumanida 2023-yil 12-15-may kunlari an‘anaviy karate-do bo‘yicha Jahon kubogi musobaqasi Toshkent shahrida o‘tkazilishi ma‘lum qilindi.
Shu maqsadda Jahon kubogi oldidan joriy yilning 17-21-iyun kunlari Toshkent shahrida xalqaro o‘quv-seminar o‘tkaziladi. Unda Jahon ultimatum karate liga prezidenti, mashhur yoga (tabiiy medisina) doktori, an‘anaviy karate-do bo‘yicha 8-dan qora belbog‘ sohibi janob Rajiv Shinxa ishtirok etadi. O‘quv-seminarlar Toshkent moliya instituti, «Bunyodkor» stadioni hamda «Yangi O‘zbekiston» bog‘larida tashkil etiladi.