O‘zbekistonda Etnosport assotsiatsiyasi tashkil etildi

E'lonlar Tadbirlar Yangiliklar

Toshkent shahrida «O‘zbekistonda etnosportning rivojlanish istiqbollari» mavzusida xalqaro konferensiya bo‘lib o‘tdi. O‘zbekiston Respublikasi Turizm va sport vazirligi tomonidan tashkil etilgan tadbirni O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari, Turizm va sport vaziri Aziz Abduhakimov va Butunjahon etnosport konfederatsiyasi raisi janob Nejmeddin Bilol Erdog‘an ochib berdi.

 

 

«O‘zbekistonda milliy sport turlarini rivojlantirish va ommalashtirish mamlakatimiz rahbariyati tomonidan ilgari surilgan muhim tashabbuslardan biri va nomoddiy madaniy merosni asrash, shuningdek, aholi orasida jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirish va ommalashtirish sohasidagi asosiy masalalardan biridir. Shu maqsadda tashkil etilgan xalqaro konferensiya «O‘zbekistonni etnosport va milliy qadriyatlar orqali kashf eting!» shiori osida o‘tkazildi. Xalq o‘yinlari qadimdan davlatchilik shakllanishi, jamoani birlashtirish va himoya qilishda ham yuksak ahamiyat kasb etgan. Bugungi kunda, ular shaxsni jismonan sog‘lom, qat’iyatli, sabr-matonatli, hozirjavob va ma’naviy yetuk bo‘lib kamol topishiga xizmat qilmoqda. Bir xalqning tarixi ming yillar davomida shakllangani uning moddiy va madaniy boyliklarida, etnografiyasida aks etadi. Shunday ekan, fursatdan foydalanib, barchaga O‘zbekiston Etnosport assotsiatsiyasi ochilishi haqida ma’lum qilaman», – dedi Aziz Abduhakimov.

 

 

Shundan so‘ng Butunjahon etnosport konfederatsiyasi raisi Nejmeddin Bilol Erdog‘an so‘zga chiqib, xalq o‘yinlari hamda ularning ahamiyati haqida nutq so‘zladi. Bundan tashqari, yuksak martabali mehmon yurtimizga beshinchi marta tashrif buyurgani va uning tarixi hamda qadriyatlaridan katta taassurotda ekanini aytib, so‘nggi vaqtda O‘zbekistonda Prezident Shavkat Mirziyoyev boshchiligida amalga oshirilayotgan islohotlarni hamda sport sohasi rivojiga bo‘lgan e’tiborni yuksak e’tirof etdi.

 

 

Tadbir doirasida O‘zbekiston Etnosport assotsiatsiyasi rahbari sifatida Oybek Norinbayev tanishtirildi.

Ta’kidlash joizki, o‘zbek xalqi ko‘p asrlar davomida kurash, belbog‘li kurash, uloq-ko‘pkari, Turon, Boyqo‘rg‘on kabi milliy sportining asoschilariga aylangan kurashchi-polvonlari hamda afsonaviy chavandozlari bilan mashhur bo‘lgan. Mamlakatimizda olib borilayotgan islohotlar tufayli haqli ravishda O‘zbekistonning madaniy merosi bo‘lgan milliy sportimizni dunyoga namoyish etish imkoniyati paydo bo‘ldi.

Bugungi kunda dunyoning 130 dan ortiq mamlakatida sportning kurash turi rivojlangan va uning Osiyo o‘yinlari dasturiga kiritilishi nafaqat O‘zbekiston, balki butun dunyo sporti tarixidagi muhim voqealardan biri ekanligini ta’kidlash quvonarli.

2020 yilda «Turk dunyosi poytaxti» deb e’lon qilingan Xiva shahrida har yili Butunjahon bahodirlar o‘yinlari federatsiyasi (WSF) ko‘magida Pahlavon Mahmud nomini abadiylashtirish maqsadida «Bahodirlar o‘yinlari» xalqaro turniri o‘tkaziladi. Turnir o‘zbek xalqining buyuk farzandi, o‘z davrida Markaziy Osiyo, Eron, Ozarbayjon, Afg‘oniston va Hindistonda mashhur kurashchi, ustoz, faylasuf va so‘fiy bo‘lgan Pahlavon Mahmud xotirasiga bag‘ishlab tashkil etiladi.

 

 

Bunday tadbirlarning o‘tkazilishi, shubhasiz, sport turizmini rivojlantirish, imijini yaxshilash, O‘zbekistonning sayyohlik salohiyati va imkoniyatlarini jahon miqyosida targ‘ib qilish borasida xalqaro hamkorlikni kengaytirishga yordam beradi.
Tadbir doirasida Butunjahon etnosport konfederatsiyasi, uning raisi janob Nejmeddin Bilol Erdog‘an hamda Turizm va sport vaziri Aziz Abduhakimov o‘rtasida Milliy sport turlari va xalq o‘yinlarini rivojlantirishga doir Hamkorlik memorandumi imzolandi. Bundan tashqari, Butunjahon etnosport konfederatsiyasi va O‘zbekiston etnosport assotsiatsiyasi o‘rtasida ham ana shunday hujjatga imzo chekildi.

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan