Bugun O‘zbekiston Respublikasi Yoshlar siyosati va sport vaziri Adkham Ikramov hamda Hindistonning O‘zbekistondagi elchisi janob Manish Prabhat o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuvda ikki mamlakat o‘rtasida sport sohasida hamkorlikni rivojlantirish, kriket federatsiyalari o’rtasida hamkorlik mustahkamlash, 21-iyun – Xalqaro Yoga kunini O’zbekistonda Hindiston elchixonasi hamda Hindiston madaniyat markazi bilan hamkorlikda keng nishonlash hamda sport murabbiylari o‘rtasida tajriba almashish masalalari muhokama qilindi.
Xususan, Yoshlar siyosati va sport vaziri A.Ikramov tomonidan elchi janoblari va uning jamoasiga uzoq yillik hamkorlik uchun minnatdorchilik bildirildi.
Shuningdek, elchi janoblari tomonidan ham O‘zbekiston hukumati, Yoshlar siyosati va sport vazirligi hamda O‘zbekiston yoga federatsiyasiga hamkorlik uchun minnatdorchilik bildirildi. Ikki mamlakat o‘rtasida iqtisodiy, ijtimoiy hamda gumanitar sohalarda o‘rnatilgan mustahkam aloqalar yuqori natijalar berishiga ishonch bildirildi.
Uchrashuv davomida, kelgusida hamkorlikda o‘tkazilishi rejalashtirilgan tadbirlar hamda navbatdagi kelishuvlar yuzasidan muhokamalar o‘tkazildi.