Yurtimizda jismoniy imkoniyati cheklangan va nogironligi boʻlgan shaxslarga sport bilan shugʻullanishlari uchun zarur shart-sharoitlar yaratish, ularni xalqaro sport maydonlarida munosib ishtirokini taʼminlash hamda davlat tomonidan har tomonlama qoʻllab-quvvatlash maqsadida bir qator ijobiy ishlar amalga oshirib kelinmoqda.
Bu borada Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 18-mayda imzolangan “Paralimpiya harakatini rivojlantirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarori ham muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Bugun Oʻzbekiston Milliy paralimpiya qoʻmitasining raisi Muxtorxon Tashxodjayev mazkur qaror asosida amalga oshirilayotgan ishlar va kelgusidagi vazifalar toʻgʻrisida Sportni rivojlantirish vaziri Adxam Ikramovga hisobot berdi.
Qaror asosida Oʻzbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti va uning Nukus, Fargʻona filiallarida Paralimpiya fakulteti tashkil etildi. 2021/2022 oʻquv yilidan boshlab Paralimpiya kafedrasi, shuningdek, “Adaptiv sogʻlomlashtirish, jismoniy tarbiya va sport” magistratura mutaxassisligi ochildi. Jismoniy tarbiya va sport boʻyicha mutaxassislarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish institutida birgina joriy yilning 6 oyi mobaynida 506 nafar trener Paralimpiya yoʻnalishi boʻyicha oʻz malakalarini oshirdi.
Eʼtiborlisi, 2021-yil boshida paralimpiya yoʻnalishida 73 nafar trener faoliyat yuritgan boʻlsa, bugungi kunga kelib ular soni 892 nafarga yetkazildi. Natijada tizimdagi 46 foiz sport taʼlim muassasalarida 158ta paralimpiya yoʻnalishi boʻyicha sport seksiyalari tashkil etildi. Sport turlari soni 12 tadan 28 taga yetkazildi.
Ilk bora mahallabay ishlash tizimi joriy qilindi. “Paralimpiya harakatini mahalladan boshlaymiz!” loyihasi asosida 224ta ommaviy sport tadbirlari tashkillashtirildi. Unga 12 400 nafar jismoniy imkoniyati cheklangan va nogironligi boʻlgan shaxslar qamrab olindi.
Shu bilan birga, qoʻmita huzurida 22ta yozgi va 6ta qishki sport turlarini oʻz ichiga olgan jami 5ta Paralimpiya sport klublari tashkil etildi. Klublar tomonidan 10ta para sport turidan 34ta oʻquv-mashgʻulotlar yigʻini oʻtkazildi. Unda 364 nafar sportchi ishtiroki taʼminlandi.
Joriy yilda paralimpiyachi sportchilar 16ta xalqaro sport musobaqalarida ishtirok etib, 26ta oltin, 32ta kumush va 30ta bronza, jami 88ta medallarni qoʻlga kiritishdi. Xususan, toʻpponchadan oʻq otish boʻyicha Jahon kubogida ishtirok etgan Server Ibragimov Parij-2024 Paralimpiya oʻyinlarining ilk litsenziyasini qoʻlga kiritdi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining PQ-270-sonli “Paralimpiyachilarning matonat maktabi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan “Matonat maktabi” faoliyati yoʻlga qoʻyildi.
Olimpiya va paralimpiya sport turlariga tayyorlash markazlarida 2022/2023-oʻquv yili uchun ustuvor 8ta paralimpiya sport turlari tanlab olindi va ajratilgan 144ta kvota asosida 10-11 sinflarga oʻquvchilarni qabul qilish ishlari boshlandi. Bugungi kunda Oʻzbekiston milliy terma jamoasi aʼzolarini joriy yilda Turkiya davlatida boʻlib oʻtadigan V Islom birdamlik oʻyinlarida munosib ishtirokini taʼminlash boʻyicha ishlar olib borilayotgani aytib oʻtildi.
Muhokama jarayonida qoʻlga kiritilgan yutuqlar bilan bir qatorda yechimini kutayotgan masalalar ham muhokama qilindi.
Ayniqsa, Paralimpiya sporti turlari boʻyicha milliy va xalqaro klassifikatorlar va trenerlarga boʻlgan ehtiyoj mavjudligi taʼkidlab oʻtildi.
Paralimpiya sport turlari boʻyicha mutaxassislarni tayyorlash institutini tashkil etish va faoliyatini yoʻlga qoʻyish, Olimpiya va paralimpiya sport turlariga tayyorlash markazida paralimpiya yoʻnalishi boʻyicha oʻquv-mashgʻulotlar jarayonini tashkil etish va metodik qoʻllanmalar bilan taʼminlash vazifalariga alohida urgʻu qaratildi.
Shu bilan birga, mutasaddi xodimlarga hududlarda paralimpiya harakatini yanada rivojlantirishga doir qoʻshimcha topshiriqlar berildi.