Sir emaski, bugungi kunda mamlakatimizda sportning barcha turlariga katta eʼtibor qaratib kelinmoqda. Jumladan, joylarda sport inshootlarini barpo etish, ularga malakali murabbiylarni jalb qilish hamda terma jamoalarga munosib sportchilarni yetkazib berish sport sohasini rivojlantirishdagi ustuvor vazifalardan biri bo‘lib turibdi.
Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 6-iyundagi “Oliy sport mahorati instituti faoliyatini tashkil qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorida ham ta’limning zamonaviy innovatsion texnologiyalarini joriy qilgan holda va ilg‘or xorijiy tajribani inobatga olib, jismoniy tarbiya va sport sohasida yuqori malakali kadrlarni tayyorlash, jumladan Xalqaro toifadagi O‘zbekiston sport ustasi hamda O‘zbekiston sport ustasi, shuningdek, O‘zbekiston sport ustaligiga nomzod sportchilarni tayyorlash kabi muhim vazifani bajarish maqsadida Samarqand viloyatida Oliy sport mahorati institutini tashkil etish belgilangan.
Hozirda Samarqand viloyatida bo‘lib turgan Sportni rivojlantirish vaziri Adxam Ikramov kuni kecha Prezident qarorida belgilangan vazifalar ijrosining amaldagi holati bilan tanishish maqsadida mazkur institutga tashrif buyurdi. O‘rganishlar davomida inshootda tahsil oladigan talabalarga yaratilgan shart-sharoitlar, institut ta’lim tizimiga qamrab olingan sport turlarini tashkil etish borasida amalga oshirilayotgan ishlar taqdimoti bo‘lib o‘tdi. Bu borada Sportni rivojlantirish vaziri ham yo‘nalishlar doirasida o‘z tavsiyalarini berdi.
Ma’lumot uchun, Prezident qarori bilan Oliy sport mahorati institutiga qabul 2023/2024-o‘quv yilidan boshlanishi belgilangan. Institut bitiruvchilariga tanlangan sport yo‘nalishi bo‘yicha «trener», «hakam», «seleksioner» va boshqa mutaxassisliklar beriladi.