“Olimpik” yigitlari Parij-2024 yo‘llanmasi yo‘lida toblanishmoqda

Yangiliklar

 

Xabaringiz bor, Parij-2024 Olimpiya o‘yinlariga yo‘llanma olish uchun MOQ qoshida “Olimpik” futbol klubi tuzilgan. Bugun MOQ va O‘FA rahbariyati, klub mutasaddilari jamoaning tayyorgarlik strategiyasini muhokama qilishdi.

Yig‘ilishda MOQ rahbari Rustam Shoabdurahmonov va uning birinchi o‘rinbosari, O‘FA birinchi vise-prezidenti Ravshan Irmatov, “Olimpik” klubi direktori Alisher Polatov, jamoa murabbiylar shtabi va futbolchilar ishtirok etishdi.

“Olimpik” Pro-liga mavsumini ko‘ngildagidek yakunladi. Hozir jamoa 2 dekabr kuni Superliga yo‘llanmasi uchun kechadigan o‘tish o‘yiniga hozirlik ko‘rmoqda. Qayd etish joiz, ushbu klubda yoshlar terma jamoamizning vakillari yig‘ilgan bo‘lib, xalqaro musobaqalarda yigitlar O‘zbekiston yoshlar terma jamoasi o‘yinchilari sifatida jam bo‘lishadi.

Yig‘ilish avvalida Ravshan Irmatov mavsum yakunlari va oldindagi rejalar haqida batafsil gapirib berdi. Shundan so‘ng Temur Kapadze ortda qolgan o‘yinlar bo‘yicha fikr bildirdi.

“So‘nggi o‘tkazgan musobaqamizda Saudiya Arabistoni, Quvayt, Bangladesh yoshlari bilan o‘ynadik. Ularning ko‘pchiligi bizdan 1-2 yosh katta bo‘lsa ham, jismoniy va taktik jihatdan ulardan kam emas edik. Jamoa tuzilishiga, bizga o‘zimizni ko‘rsatish uchun imkon bergan hukumatimizga o‘z minnatdorchiligimizni bildiramiz. Hozirgi maqsadimiz o‘tish bellashuvida g‘alaba qozonib, Superligaga yo‘llanma olish. Biz qancha kuchli jamoalar bilan o‘ynasak, shuncha o‘sa olamiz”, – dedi jamoa bosh murabbiyi.

Yakunda MOQ raisi rejalar bo‘yicha o‘z xulosasini aytib o‘tdi:

“Tailandda o‘tgan Tokio-2020 lisenzion musobaqasi biz uchun katta saboq bo‘ldi. Yigitlar, hozir Siz temir intizom bilan murabbiylaringiz berayotgan ko‘rsatmalarga amal qilsangiz, albatta oldimizga qo‘ygan maqsadimizga yetishamiz. Buning uchun davlatimiz rahbari barcha sharoitlarni yaratib bermoqda. Sizlardan faqat olg‘a intilishingizni so‘rab qolamiz”.

Shuningdek, kunning ikkinchi yarmida O‘zbekiston basketbol federasiyasi bilan ham mana shu mavzuda uchrashuv o‘tkazildi. Unda federasiya bosh kotibi Ravshan Ganiyev boshchiligidagi sportchilar qatnashdilar.

Suhbat davomida Ravshan Ganiyev jamoaning oldinda turgan rejalari, kelasi yil kutilayotgan xalqaro musobaqalar, tashkil etiladigan o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlari borasidagi rejalar haqida gapirib berdi. Mutaxassisning so‘zlariga ko‘ra, asosiysi jamoa shug‘ullanishi uchun muqim baza masalasi hal qilingan. Yig‘ilish davomida MOQ rahbari sportchilar bilan suhbatlashib, federasiya rejasi bo‘yicha o‘zining qo‘shimcha maslahatlarini bildirdi.

Manba: olimpic.uz

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan